Foto: Policiaca
Meksika huquq-tartibot idoralari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Gomes-Palasio shahridagi uylarning birida 7 nafar muhojir majburan tutib turilgani aniqlandi. Bu haqda Meksika nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 911 xizmatiga Gomes Palasio shahrida bir guruh osiyolik muhojirlar majburan qoʻlga olingani haqidagi xabar kelib tushgan.
Keyinroq tutqunlikda ushlab turilganlar oʻzbekistonlik: 5 erkak, bir ayol va voyaga yetmagan bola ekanligi maʼlum boʻlgan.
Qutqarilgan oʻzbakistonliklarning soʻzlariga koʻra, ular avtobusda Quyi Kaliforniyaga ketayotgan boʻlgan. Gomes-Palasio shahrida toʻxtashgan vaqtida ularga hujum qilishgan.
Hujum qilganlar oʻzbekistonliklarning yoʻlda davom etishiga ruxsat berish evaziga 1200 dollar talab qilishgan. Oʻgʻirlanganlarning puli boʻlmagani uchun hujumchilar bir guruh muhojirlardan pul topishning boshqa yoʻlini topish ilinjida ularni uylariga olib kelishgan.
Xabarga koʻra, qutqarib olingan oʻzbekistonliklar himoya va tegishli yordam koʻrsatilishi uchun Milliy Migratsiya institutiga yuborilgan.