Buxoroda Toshkentdan arzon uy-joy olib berishni va'da qilib, uch kishini pullarini o'zlashtirgani aytilayotgan yigit ushlandi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda

Foto: Tez News

Foto: Tez News

Buxoroda uch kishining ishonchiga kirib, Toshkentdan arzon narxga uy-joy olib berishni vaʼda qilgan holda pullarini oʻzlashtirgani aytilayotgan 18 yoshli yigit ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Buxoro viloyati Vobkent tumanida yashovchi uch nafar fuqaro IIbga bir turdagi ariza bilan murojaat qilgan. Unga koʻra, Telegram messenjeridagi “Toshkent arzon kvartira” guruhida oʻzini “Shavkat” deb tanishtirgan shaxs Toshkent shahri hududidan arzon narxlarda ijaraga xonadon olib berishini vaʼda qilgan.

Shundan soʻng, ulardan jami 3 mln 934 ming so‘m pullarni boshlangʻich toʻlov sifatida olgan va oʻzlashtirgan. Fuqarolar, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishlikni soʻragan.

Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik yoʻli bilan pullarni oʻzlashtirgan shaxs Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi 18 yoshli fuqaro ekanligi aniqlangan.

Hozirda yigitga nisbatan, Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling