Foto: Videodan lavha
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi xususiy maktablarning birida oʻqituvchi dars vaqtida oʻquvchini kaltaklagani aks etgan videoxabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan IIBB matbuot xizmati rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, mazkur holat 11-noyabr kuni Chilonzor tumanida joylashgan xususiy maktablarning birida sodir boʻlgan. Unga koʻra, 5-sinf oʻquvchilari uchun oʻtilayotgan dars jarayonida 33 yoshli oʻqituvchi oʻquvchilarga qoʻpol muomalada boʻlib, qoʻlini qayirib, qulogʻini tortgan.
Shundan soʻng, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev mazkur holat boʻyicha munosabat bildirgan.
"Oʻquvchilarni doimiy ravishda shu tarzda urib kelishgan. ”Uydagilarga yetkazsangiz, battar boʻladi“ degan maʼnoda qoʻrqitishgan. Shu sinfning matematika oʻqituvchisi va kuratori oʻquvchilar bilan doimiy ravishda qoʻpol muomalada boʻlishgan, kaltaklab kelishgan.
Aynan mana shu sinfning sentyabrdan hozirgi kungacha boʻlgan barcha videotasvirlarini oʻrganib chiqishlarini soʻrardim”, - deb yozgan deputat.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda. Tekshiruv yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling