O'zMUda qiymati 2.6 mlrd so'mlik yo'qolgan noyob asarlar bo'yicha sud hukmi o'qildi

Sudlanuvchi o'zini aybsiz ekanligini aytgan

Videodan kadr

Videodan kadr

Toshkent shahar sudi Matbuot xizmatini xabariga koʻra, JIB Mirzo Ulugʻbek tumani sudida mazkur ish yuzasidan axborot resurs markazi rahbariga nisbatan jinoyat ishi koʻrib chiqildi.

Maʼlumotlarga koʻra, 60 yoshli sudlanuvchi ayol  2008-yilning 2-dekabridan to 2022-yilning 14-apreliga qadar Oʻzbekiston Milliy Universitetining Axborot resurslar markazi rahbari boʻlib ishlagan.

Aniqlanishicha, ular bir guruh shaxs boʻlib, unga ishonib topshirilgan va uning ixtiyorida boʻlgan Axborot resurs markazi “Sharqiy” fondining umumiy bahosi 2 mlrd 656 mln 600 ming soʻm qiymatga ega noyob — 57 ta tarixiy qoʻlyozma asarlarini, XIII-XIX asrlarga oid 12 ta toshbosma va 9 ta tarixiy hujjatlarini talon-toroj qilib, juda koʻp miqdorda davlat manfaatlariga zarar yetkazgan.

Shuningdek, sudlanuvchi ayol oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, sodir qilgan ogʻir jinoyatining izini yashirish maqsadida Axborot resurslar markazining oʻta muhim ahamiyatga ega, tarixiy-madaniy qimmatliklar haqida maʼlumot beradigan 341 ta inventar kitoblarini taqdim qilmasligi oqibatida 45 ta noyob qoʻlyozmalar, 104 ta noyob toshbosmalarni, yaʼni davlat va jamoat tarixiy-madaniy boyliklari yoʻqolib ketishiga sabab boʻlgan.

Xodim o‘z aybiga iqror bo‘lishdan bosh tortgan va bu ayblovlar asossiz ekanini ta’kidlagan.

"Men aybdor emasman. Men bu kitoblarni o'g'irlaganim yo'q. Men halol ishladim. Hech qanday fakt yoʻq”, - deydi sudlanuvchi.

Mazkur holat yuzasidan sud hukmi oʻqildi. Sudlanuvchi JKning tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, unga uzil-kesil 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan, 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling