Imtiyozli kredit mablag'larini talon-taroj qilish holatlari aniqlandi

Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan tergov harakatlari oʻtkazilmoqda

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Respublika hududlari boʻylab bir nechta imtiyozli kredit mablagʻlarini talon-taroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Departamentning Samarqand viloyati Karmana tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ikki nafar fuqaro oʻzaro til biriktirib “K.T” MCHJni tashkil etganligi maʼlum boʻlgan. Shuningdek, mazkur MCHJ ga biolaboratoriya jihozlari va boshqa kerakli uskunalar olish uchun hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 2,5 mlrd soʻm imtiyozli kredit mablagʻini goʻyoki uskuna va jihozlar sotib olish mazmunida 9 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarga koʻchirish orqali oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Namangan tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “X.z” MCHJ rahbari hamda “U.Yu” xususiy korxonasi rahbari va boshqalar oʻzaro til biriktirganligi fosh etilgan. Shu bilan birga, ular hududiy tijorat banklari filialidan parrandachilikni rivojlantirish hamda zamonaviy gidroponik issiqxona qurish uchun ajratilgan 2,2 mlrd soʻm va 486 ming 970 dollari miqdoridagi kredit mablagʻlarini boshqa maqsadlarda sarflab, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Maʼlum qilinishicha, Departamentning Sirdaryo viloyati Guliston tuman boʻlimi tomonidan ham huddi shu kabi tekshiruv tadbirlari oʻtkazilgan. Olib borilgan tekshiruvlarda, “A.X” MCHJ rahbari, “S.I” fermer xoʻjaligini norasmiy boshqarib kelgan fuqaro va boshqalar “A.X” MCHJga tomorqachilik faoliyatini rivojlantirish uchun texnika va jihozlar sotib olishga ajratilgan 1,9 mlrd soʻm imtiyozli kredit mablagʻini “S.-7” MCHJ “S.I” fermer xoʻjaligiga oʻtkazish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling