Qashqadaryodagi koloniyalarning biridan mahkum qochib ketdi

Mahkum 15-oktyabr kuni soat tahminan 18:00 larda koloniya hududida yo‘qligi aniqlangan

Foto: Aniq.uz<br>

Foto: Aniq.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshidagi koloniyalarning biridan mahkum qochib ketgani toʻgʻrisidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu tarqalgan xabarlar yuzasidan IIV huzuridagi jazoni ijro etish xizmati matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Qarshi shahridagi 4-mintaqaviy hudud 35-son manzil koloniyasida Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) bo‘yicha jazo muddatini o‘tab kelgan mahkum 15-oktyabr kuni soat tahminan 18:00 larda koloniya hududida yo‘qligi aniqlangan.

Qidiruv jarayonida mahkum fuqaro ruxsatsiz chiqib ketgani va soat 20:35 da manzil muassasa hududidan tashqarida ekani aniqlanib, muassaga olib kelingan.

Hozirda IIV huzuridagi JIED tomonidan mahkumning ushbu tartibbuzarligiga huquqiy baho berilib, jazo muddatining qolgan qismini o‘tash uchun yopiq turdagi koloniyaga qaytarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling