Prezidentning “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan “Vakolat.uz” platformasi ishga tushiriladi.
Platforma quyidagilarni nazarda tutadi:
- davlat xizmatlaridan foydalanish va davlat xizmati natijalarini olish bo‘yicha boshqa shaxslarga ishonchnomalarni rasmiylashtirish;
- yuridik shaxslar tomonidan rasmiylashtirilgan ishonchnomalarni ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish;
- barcha turdagi ishonchnomalarning haqiqiyligini onlayn rejimda tekshirish;
- “Vakolat.uz” platformasidan bepul asosda foydalanish.
2026-yil 1-yanvardan Davlat xizmatlari yagona reyestri Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “Davlat xizmatlari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida yuritiladi.
Bunda har bir davlat xizmati bo‘yicha uning raqamli pasporti shakllantiriladi hamda har bir davlat xizmatini Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritish normativ-huquqiy hujjat asosida amalga oshiriladi.