“Surxondaryo suv ta'minoti” xodimlari to'rt oydan beri maosh olmayotgani aytilmoqda

Ushbu holatga iste'molchilar vaqtida pulini to'lamagani sabab bo'lgan

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ Surxondaryo viloyati boʻlimi xodimlariga toʻrt oydan buyon oylik maoshlari berilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan “Surxondaryo suv taʼminoti” MCHJ rasmiy munosabat bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, viloyat boʻyicha ichimlik va oqava suvdan debitor qarzdorlik 54 mlrd soʻmdan oshib ketgan. Shundan aholi qarzdorligi 51 mlrd 380 mln, yuridik va byudjet tashkilotlar qarzdorligi 2 mlrd 780 mln soʻmni tashkil qiladi.

“Isteʼmolchilar toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmagani bois tashkilot oylik maosh toʻlovlarida kechikish yuzaga kelmoqda va ushbu toʻlovlarni amalga oshirish uchun kredit mablagʻlari jalb qilinmoqda.

Shu oʻrinda Surxondaryo viloyatida joylashgan yuridik tashkilotlar va viloyatimizda istiqomat qiluvchi fuqarolarimizdan ichimlik suvi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishlarini soʻrab qolamiz”, — deyiladi xabarda.

“Surxondaryo suv taʼminoti” MCHJ ishchi xodimlariga oylik maoshlari sentyabr oyiga avans pullari berilgan. Kelgusi hafta yakuniga qadar tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlar maoshi 1-dekabr holatiga toʻliq toʻlab beriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling