Foto: Yuz.uz
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi Maxsuslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasida issiq suv taʼminotida yuzaga kelgan uzilishlar haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu shifoxona 2012-yilda tashkil etilganganligi bois tibbiyot muassasasining isitish tizimi butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan.
Xususan, soʻnggi paytlarda suv quvurlari nosoz boʻlib, bu holat shifoxonada davolanayotgan bemorlarni issiq suv bilan taʼminlashda turli muammolarni yuzaga keltirmoqda. Bundan tashqari, baʼzi xonalar taʼmirtalab ahvolda boʻlib, davolash muolajalarini toʻliq amalga oshirishning imkoni yoʻq.
Shu sababli Respublika Sanitariya- epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar yakuniga koʻra, ushbu maxsuslashtirilgan tibbiyot muassasasi ish faoliyati toʻxtatilgan.
Bemorlarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etish maqsadida mazkur shifoxona 2022-yilning 1-dekabridan vaqtincha Respublika maxsus 2-son Zangiota shifoxonasiga koʻchiriladi. Endilikda faoliyati toʻxtatilgan obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling