Foto: UzReport.news
Toshkentda gaz bosimi pasayib ketishi oqibatida ayrim gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ob-havo harorati keskin pasaygani sababli, Toshkent shahrining ayrim hududlarida gaz va issiqlik taʼminotida uzilishlar kuzatilmoqda. Xabarga koʻra, kommunal xizmatlar mavjud gaz zaxirasini barcha isteʼmolchilar orasida teng taqsimlashga urinishiga qaramay, resurslar yetishmayapti.
Shu munosabat bilan, iloji boricha koʻproq xonadonlarni gaz va issiqlik bilan taʼminlash maqsadida, jamoat transport vositalariga xizmat koʻrsatadigan shoxobchalardan tashqari, qolgan barcha avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopilmoqda.
“Shahar maʼmuriyati muammolarni bartaraf etish ustida kunu tun 24 soat ishlamoqda, kommunal soha xodimlari esa ishlarini yuqori shaylik rejimida davom ettirmoqda”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling