Ba'zi shaxslarga ishga qabul qilinayotgan vaqtda dastlabki sinov belgilanmaydi — ro'yxat

Hammasi boʻlib toʻqqizta toifa mavjud

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Adliya vazirligi ishga joylashish uchun dastlabki test sinovlaridan oʻtmaydigan fuqarolar toifalari roʻyxatini eʼlon qildi.

Mehnat kodeksining yangi tahririga koʻra, ishga kirish avvalidan quyidagi shaxslar uchun dastlabki sinov belgilanmaydi:

— homilador ayol, 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayol yoki 3 yoshga toʻlmagan bolani yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan ota (vasiy);

— zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslar;

— davlat grantlari asosida oʻqigan va oliy taʼlim tashkilotini tamomlagan kundan eʼtiboran 3 oy ichida yoʻllanma boʻyicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari;

— tegishli taʼlim tashkilotini tamomlagan kundan eʼtiboran 1 yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi boʻyicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari;

— oʻzi bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar;

— 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;

— ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar boʻyicha bekor qilgan boʻlsa, oʻsha shaxslar;

— ishlab chiqarishda oʻqitish shartnomasi boʻyicha ushbu ish beruvchida oʻqishni oʻtagan oʻquvchilar;

— jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida va ish beruvchining ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xodimlar.

Eslatib oʻtamiz, yangilangan Mehnat kodeksi 2023-yil 30-apreldan kuchga kiradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling