Namanganda otashparastlar ibodatxonasi topildi

Tadqiqotlar ibodatxona yong'in natijasida vayron bo'lganini ko'rsatgan

Turizm va Madaniy meros vazirligi matbuot xizmati

Turizm va Madaniy meros vazirligi matbuot xizmati

Namangan viloyati Uchtepa-2 arxeologiya ob’yektida o’tkazilgan tadqiqotlarga ko’ra, ushbu ob’yekt o'rnida qadimgi Xaylam shahrining otashparastlar ibodatxonasi joylashgani aniqlandi. Bu haqida Turizm va Madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berdi

Ma'lum bo'lishicha, Ibodatxona milodiy VII-VIII asrlarga qadar mavjud bo'lgan. Qazishma ishlari vaqtida rohib va rohibalarga tegishli suyak qoldiqlari, 50 dan ortiq o'choq izlari hamda sopol idish siniqlari topilgan.

Qayd etish joizki Uchtepa-2 da o'tkazilgan arxeologik tadqiqotlar ibodatxona yong'in natijasida vayron bo'lganini ko'rsatgan. Ruhoniylarga tegishli ekani taxmin qilinayotgan jasad qoldiqlaridan esa o'tkir tig'li qurol bilan yetkazilgan zarba izlari topilgan. Ushbu topilmalar va yong'in izlari ibodatxonada jang olib borilganidan dalolat beradi.

Hozirda, mazkur tarixiy ob'ekt Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda konservatsiya qilingan.

Turizm va Madaniy meros vazirligi Uchtepa-2 arxeologiya ob'ektining devor va tom qismlarini issiq va sovuqdan saqlash uchun izolyasiya ishlari amalga oshirilishi va ob'ektda doimiy bir xil haroratni saqlash maqsadida sovutish hamda isitish uskunasi o'rnatish choralarini ko'rmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling