Foto: BMT
Suriyada vabo epidemiyasi allaqachon o'nta viloyatga ta'sir ko'rsatdi, infektsiya birinchi marta 10-sentyabrda qayd etilgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, butun mamlakat bo'ylab vaziyat borgan sari jiddiylashib bormoqda. Chunki shu kunga qadar 426 ta infeksiya aniqlangan, 33 kishi vafot etgan.
Ma'lum qilinishicha, Dubaydagi logistika markazidan Damashqqa vaboga qarshi kurash uchun dori-darmon va tibbiy buyumlar partiyasi yetkazilgan, ularning hajmi vabo bilan kasallangan ikki ming og'ir va 190 ming yengil darajali bemorlarni davolash uchun yetarli bo'lishi kerak.
Xabarga ko'ra, dori-darmonlar Suriya shimoli-sharqidagi tibbiyot muassasalariga tarqatilgan. Agar kerak bo'lsa, BMT gumanitar yordami orqali yetkazib berish davom etadi.
BMTning Suriyadagi vakolatxonasi mamlakatdagi suv ta’minoti bilan bog‘liq vaziyatdan bir necha bor xavotir bildirgan. Ta'kidlanishicha, Furot daryosidagi suv sathi doimiy ravishda pasayib bormoqda, vaziyat quruq sharoitlar tufayli murakkablashmoqda, harbiy harakatlar natijasida mamlakatning suv tozalash va suv ta'minoti tizimi jiddiy shikastlangan.
Bu odamlarning iste'molga yaroqsiz suvdan foydalanishga olib keladi. Shunindek, gigiena standartlari keskin tushib ketdi. Natijada suv orqali yuqadigan kasalliklarning tarqalish xavfi ortdi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling