Foto: Mezon.io
Toshkent shahrining ayrim tumanlarida gaz taʼminotidagi kuzatilgan uzilishlar isitish sifatiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Bu haqda Toshkentning issiqlik taʼminoti tizimini boshqaruvchi Veolia Energy Tashkent kompaniyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, issiqlik energiyasi “Toshissiqlikmarkaz” hamda “Toshkent IES” (90%) va Veolia Energy Tashkent mahalliy qozonxonalarida tabiiy gazdan foydalangan holda ishlab chiqariladi (10%).
“Issiqlik parametrlari Veolia Energy Tashkentning harorat jadvaliga muvofiq oʻrnatiladi, undan keyin esa ishlab chiqarilgan jami issiqlik energiyasini kompaniya isteʼmolchilarga yetkazadi. Shu tariqa, shahar issiqlik taʼminoti korxonalariga bosimi pasaytirilgan gaz yetkazilib, oʻrnatilgan parametrlar toʻliq taʼminlanmayapti”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Maʼlum qilinishicha, kompaniya vaziyatni yaxshilash uchun kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda: mutaxassislar muammoli hududlarni aniqlash uchun joylarga bormoqdalar va issiqlik taʼminoti korxonalari bilan birgalikda issiqlik energiyasini qayta taqsimlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirmoqda.
Avvalroq, Toshkentda gaz bosimi tushib ketgani, shuni ortidan ayrim gaz quyish shoxobchalari faoliyati vaqtincha toʻxtatilgani haqida xabar berilgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling