Shahrisabz shahar hokimligi: "Bu tadbir biz uchun achchiq saboq bo'ldi"

Bolalarning tadbirda qatnashishini ota-onalari so'ragan

Foto: Shahrisabz hokimligi matbuot xizmati

Foto: Shahrisabz hokimligi matbuot xizmati

Shahrisabz shahar Yoshlar ishlari agentligi va sektor rahbarlari “yoshlar daftar”ida turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollarini va to‘lovlar uchun sertifikatlar topshirish marosimi bo'lib o'tdi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibining bildirishicha, shahardagi 1-maktab hovlisida tashkil etilgan ushbu tadbirga unga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan o‘quvchilar jalb etilgan. Ular yupun kiyimda tadbirda qatnashgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo'ldi.

Shahrisabz shahar hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Hokimlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 30-noyabr kuni Shahrisabz shahar Yoshlar ishlari agentligi ishtirokida "Yoshlar daftari"da turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollarini va to‘lovlar uchun sertifikatlar topshirish bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tgan.

Unda qatnashishi ko'zda tutilmagan bo'lsa ham "Tumorcha" raqs to'garagi a'zolari ham ota-onalar tashabbusidan kelib chiqib taklif qilingan.

“Shahar sektor rahbarlari tomonidan musobaqa va tanlovlarda yaxshi o‘rinlarni olgan yoshlarni tadbirlarda e’tirof etib borish an’ana tusiga aylanib qolgan. Shu sababli tadbir tashkilotchilari taklifni ma’qullab, ularga ham imkoniyat bergan. Ular ota-onalari bilan gulxan atrofida birga issiq kiyimlarda o‘tirishgan. (Bu holat rasm va videoda ham aks etgan) Faqatgina davrada o‘ynashda va taqdirlash jarayonida rasmga olish uchun qisqa vaqtda raqs kiyimida bo‘lishgan xolos”, — deya holatga aniqlik kiritgan hokimlik.

Qayd etilishicha, tadbirning asosiy maqsadi “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olingan yoshlarga subsidiya va mehnat qurollarini topshirishdan iborat bo‘lgan. Tadbir 17:30 da boshlanib yoshlarning xohishiga ko‘ra gulxan atrofida ko‘ngilochar dasturga ulanib ketgan va kech soat 19:30 da tugagan.

“Mazkur holat yuzasidan shahar hokimligida yig‘ilish o‘tkazilib, yoshlar tadbirini tashkil etishda e’tiborsizlik qilgan mas’ullarga choralar ko‘rildi va kamchiliklari ko‘rsatib o‘tildi. Barchadan uzr so‘ragan holda, jamoatchilikni keskin tanqidiga olib keladigan bunday holatlarga boshqa yo‘l qo‘ymasligimizni ma’lum qilamiz va bu tadbir biz uchun achchiq saboq bo‘ldi”, — deyiladi hokimlik xabarida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling