O'zbekistonda yil boshidan beri 32 mingdan ortiq ayol zo'ravonlikka uchragani aytildi

9155 ta jismoniy zo‘ravonlik, 68 ta jinsiy zo‘ravonlik, 340 ta iqtisodiy zo‘ravonlik, 18 mingdan ortiq ruhiy zo‘ravonlik, 6 mingdan ortiq tazyiq holatlari aniqlangan

Foto: 24tv.ua

Foto: 24tv.ua

Joriy yil sentabr holatiga O‘zbekistonda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 27 mingdan ortig‘i — oilada sodir etilgan. Bu haqda 3-oktabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjmunida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva ma’lum qildi.

Bundan tashqari, yana 3 mingdan ortiq xotin-qiz — ko‘chada, 1 mingdan ortig‘i — jamoat joyida, 81 tasi — ta’lim muassasasida, 429 tasi — ish joyida zo‘ravonlik qurboniga aylangan.

Shuningdek, 9155 ta jismoniy zo‘ravonlik, 68 ta jinsiy zo‘ravonlik, 340 ta iqtisodiy zo‘ravonlik, 18 mingdan ortiq ruhiy zo‘ravonlik, 6 mingdan ortiq tazyiq holatlari aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 32 783 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan.

«Himoya orderi berish natijasida 16 mingdan ortiq oila yarashtirildi, 14 mingdan ortiq nizo bartaraf etildi, rasmiylashtirilgan 2862 ta himoya orderi natijasida ma’muriy/jinoiy javobgarlik belgilanib, xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklandi», — dedi AOKAdagi chiqishida Ozoda Parpiboyeva.

Shuningdek, chekka hududlardagi mahallalarda istiqomat qiluvchi ayollar uchun ijtimoiy reabilitatsiya qilish xizmatini kengaytirish maqsadida 28 ta hududiy va namunali tumanlararo markazlar qoshida 135 ta ijtimoiy maslahatxona tashkil etilganini qo'shimcha qilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling