2023-yil 1-yanvardan tadbirkorlarga quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasini sotish huquqi beriladi

2024-yil oxiriga qadar Oʻzbekistonda quvvatlantirish stansiyalarining soni 2500 taga yetkaziladi

Foto: iXBT.com

Foto: iXBT.com

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni “Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Unda belgilanishicha, 2024-yil oxiriga qadar Oʻzbekistonda quvvatlantirish stansiyalarining soni 2500 taga yetkaziladi (hozir 70ta).

Bunda:

  • 2023-yilda elektr tarmoqlari, transformator va nimstansiyalarga tutash hududlarda 1400 ta quvvatlantirish stansiyasi oʻrnatish uchun yerlar auksionga chiqariladi;
  • “Hududiy elektr tarmoqlari” tomonidan xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllariga tutash hududlarda kamida 500 ta quvvatlantirish stansiyalari quriladi;
  • 2023-2024-yillarda kamida 500 ta quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun davlat tashkilotlarining boʻsh hududlari “K-savdo” orqali auksionga chiqariladi.

Oʻz navbatida, 2023-yil 1-yanvardan tadbirkorlarga quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasini sotish huquqi beriladi. Bunda, xizmat tarifi (narxi) elektr energiyasining tasdiqlangan tarifidan qatʼi nazar tadbirkorlar tomonidan mustaqil belgilanadi.

Bundan tashqari, 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar quvvatlantirish stansiyalari va ular oʻrnatilgan avtomobil toʻxtash joylari joylashgan yer uchastkalari yer soligʻidan, quvvatlantirish stansiyalari mol-mulk soligʻidan, asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini koʻrsatish boʻlgan tadbirkorlar esa foyda soligʻidan hamda transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini koʻrsatishda aylanmadan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi.

Shuningdek, import qilinadigan quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod etiladi.

Oʻz navbatida, hujjat bilan 2030-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinishi belgilandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling