Foto: IIV matbuot xizmati
Oʻzbekistonga qarshi qaratilgan oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, qidiruvda boʻlgan 27 yoshli ikki fuqaro xorijdan mamlakatga olib kelindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida tugʻilgan mazkur shaxlar xorijiy davlatlarda mavsumiy ishlashi davomida internet orqali xalqaro terrorchilik tashkilotlari aʼzolari bilan doimiy aloqada boʻlib kelgan va ularning taʼsirida 2021-yilning avgust oyida Suriyaga borgan.
Ular “Tavxid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga qoʻshilgan hamda jangovar tayyorgarlikdan oʻtgan.
Chet el huquq-tartibot idoralari bilan olib borilgan hamkorlikdagi tadbirlar davomida ushbu shaxslar xorijiy davlatlarning birida qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga olib kelingan. Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling