"Viloyat va tuman XTBlarni yoʻq qilishni istayapman" — prezident

Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchilar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda tuman va viloyat xalq taʼlimi boʻlimlarini tanqid qildi

Foto: UzA<br>

Foto: UzA

29-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchilar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda tuman va viloyat xalq taʼlimi boʻlimlarini tanqid qildi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, davlat rahbari har bir bolaning istagidan kelib chiqib, uning talabiga koʻra taʼlim berishni oʻrganish kerakligi, bola oʻziga nima qiziq ekanini yaxshi bilishi, unga hamma fanni birdek oʻrgatishni toʻxtatib, qiziqish sohasiga urgʻu qaratish lozimligini bildirgan.

“Biz hammani matematik qilishni istaymiz, ammo buning iloji yoʻq. Nari borsa 10 foiz bola matematik boʻlishni istar. Biz bolaning istagidan kelib chiqib, uning talabiga koʻra taʼlim berishni oʻrganishimiz kerak. Bola oʻziga nima qiziq ekanini yaxshi biladi, unga hamma fanni birdek oʻrgatishni toʻxtatib, qiziqish sohasiga urgʻu qaratish lozim.

“Rayono” va “oblono” siz uchun prokuror. Bu ikki tashkilotni yoʻq qilishni istayapman, maktablarning oʻzi “rayono” va “oblono” boʻlishlaring kerak.

Oʻrtadagi boshqa pogʻonalar nimaga kerak? Ular boʻlgani uchun oʻqituvchi qadam qoʻya olmaydi. Buni sindiradigan vaqt keldi.

Tartib kerak albatta, ammo buning uchun vazirlik bor. Bizda hamon eski tizim saqlanib qolmoqda. Maktab aslida “gorono”ga xoʻjayinlik qilishi kerak.

Biz eski tizimga moyillik qilamiz, “rayono” nima desa shuni qilamiz. Zamon oʻzgarmoqda, kechirasizu, qishloq xoʻjaligida paxtaga tizim oʻzgartirdik. Endi paxta ham, tizim ham ishlamoqda.

Qachon qishloq xoʻjaligida ikki millard dollarlik eksport boʻlar edi? Endi mana tekstil ishlamoqda, boshqa ishlab chiqarish bor”, — dedi Prezident.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling