Foto: Sirdaryo viloyati IIB
Sirdaryoda oʻtkazilgan “Qoradori—2022” profilaktik tadbiri davomida uyida giyohvandlik oʻsimligini yetishtirayotgan shaxs aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sirdaryo tumani “Doʻstlik” mahallasida yashovchi fuqaroning xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan. Tekshiruvda hovlining oʻt bosgan boʻsh joyida 6 kvadrat metr maydonda 2 tup, taxminan 1,5-2 metr uzunlikdagi va 1 tup agro texnik ishlov berilgan nasha giyohvandlik oʻsimligiga oʻxshash oʻsimliklar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Keyinchalik xonadon qoʻyxonasi ham koʻzdan kechirilgan va u yerdagi taxtaga ilingan, quritilgan holatdagi marixuana (kannabis) giyohvandlik vositasiga oʻxshash vositalari borligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling