Foto: Gazeta.ru
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 1206 jismoniy va 108 yuridik shaxsiga nisbatan 2014-yilda Qrimning anneksiya qilinishi va 24-fevralda Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga bostirib kirishidan keyin joriy qilingan sanksiyalarni olti oyga uzaytirdi.
“Kengash bugun Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazishda yoki unga tahdid solishda aybdor shaxslarga nisbatan cheklov choralari muddatini yana olti oyga, 2023-yilning 15-martigacha uzaytirishga qaror qildi”, — deyiladi xabarda.
Hujjatda qayd etilishicha, sanksiyalar 1206 nafar jismoniy va 108 yuridik shaxsga nisbatan qo‘llanilishida davom etadi, ularning aksariyati ro‘yxatga Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiyasi”ga javoban kiritilgan.
Sanksiyalar doirasida jismoniy shaxslarning sayohatlariga cheklovlar, aktivlarni muzlatish va ro‘yxatga olingan jismoniy va yuridik shaxslarga mablag‘ yoki boshqa iqtisodiy resurslar taqdim etishni taqiqlash kiradi.
Shuningdek, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Telegram’da Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning sakkizinchi paketini tayyorlash masalasini muhokama qilganini ma’lum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, xususan, G7 aʼzolari Rossiya nefti narxini cheklash boʻyicha qarorga kelishgan. Zelenskiyning taʼkidlashicha, shu yoʻl bilan energiya inqirozi holatiga tushib qolgan yevropaliklar uchun adolat tiklanadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling