Foto: Review.uz
Prezident tomonidan “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon qabul qilindi.
Unga koʻra, davlat tomonidan tadbirkorlik faoliyati quyidagi vositalar orqali tartibga solinadi:
— tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
— tadbirkorlik subyektlari faoliyatining ayrim turlari boʻyicha litsenziyalash, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etish;
— texnik jihatdan tartibga solish;
— tarif va notarif tartibga solish;
— qonunda belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlarining javobgarligini majburiy sugʻurta qilish;
— davlat nazorati;
— raqobatni himoya qilish;
— qonun bilan tadbirkorlik subyektlari hamda ularning mansabdor shaxslari javobgarligini oʻrnatish;
— hisobotlarni joriy etish;
— oʻzini oʻzi tartibga soluvchi tashkilotga aʼzolik (ishtirok etish) asosida oʻzini oʻzi boshqarishni joriy etish.
Farmon bilan 2023-yil 1-yanvardan quyidagi talablar bekor qilinmoqda:
— tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida eʼlon berish;
— yangi import avtomobillarini sotish faqat yuridik shaxslar – ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilishi;
— elektr energiyasini elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha isteʼmol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatib qoʻyish;
— yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali davlat soliq xizmati organlarida alohida hisobga qoʻyish.
Shuningdek, 2023-yil 1-martdan tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish boʻyicha quyidagi talablar bekor qilinmoqda:
— soliq toʻlovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarorlari ustidan toʻgʻridan toʻgʻri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi;
— axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tijorat xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat beriladi. Bunda, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nodavlat xizmatlar koʻrsatish tartibi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxs tomonidan belgilanadi;
— Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori boʻlgan davlat xaridlari boʻyicha buyurtmalar toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida bajarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
— vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) oʻrtasida qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinishi taqiqlanadi.
Farmonga koʻra, bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligida tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirish boʻyicha ishchi guruh tashkil etiladi. Guruhning asosiy vazifasi sifatida tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrini shakllantirish etib belgilanadi.
Yagona reyestr tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish vositalari boʻyicha oʻrnatilgan barcha talablar, ularning muddatlari, ular bilan bogʻliq moliyaviy xarajatlar, talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar, nazorat qiluvchi organlar, tekshiruv shakllari hamda javobgarlik choralarini oʻz ichiga oladi.
Yagona reyestrning operatori Adliya vazirligi hisoblanadi. Yagona reyestr 2025-yil 1-iyuldan boshlab toʻliq ishga tushiriladi. Birinchi bosqichda (2023-yil) — qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, taʼlim va transport sohalaridagi majburiy talablar roʻyxati, ikkinchi bosqichda (2024−2025-yillar) — barcha sohalardagi majburiy talablar roʻyxati shakllantiriladi.
Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmaydi. Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarning bajarilishini tekshirish taqiqlanadi.
Farmon bilan tadbirkorlik subyektlariga qoʻshimcha qulaylik yaratish hamda sohadagi byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi. Biroq hozircha bu reja eʼlon qilingani yoʻq.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling