Foto: O'zA
Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, prezidentning ikkita maslahatchisi lavozimi birlashtirilmoqda. Shu munosabat bilan Gʻofurjon Mirzayev oʻz lavozimidan ozod etildi va Prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.
Xabarga koʻra, prezident maslahatchisi lavozimi avvalgi ikkita maslahatchi lavozimini birlashtirish orqali yangi tashkil etilgan.
Bunda Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi (bunga qadar Tursinxon Xudaybergenov maslahatchi edi) hamda Prezidentning davlat xizmati masalalari boʻyicha maslahatchisi (bungacha vakant edi) lavozimlari tugatilib, ularning negizida yangi lavozim joriy etilgan.
Shuningdek, soʻnggi paytlarda Xalq qabulxonalari faoliyati yetarli samara bermayotgani, joylardagi muammolarni hal qilishda sustkashlikka yoʻl qoʻyib, asosan sansalorlik bilan shugʻullanayotgani aholining haqli eʼtirozlarini keltirib chiqarayotgani sababli Xalq qabulxonalari institutini kuchaytirish yuzasidan ayrim vazifalar belgilangan.
Jumladan, Xalq qabulxonalari xodimlariga taʼsirchan chora sifatida davlat organlari va tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari boʻyicha qonunbuzilishlar yuzasidan maʼmuriy bayonnomalar tuzish va sudga yuborish huquqi berilmoqda.
Hududlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish va joylardagi vaziyatdan kelib chiqib, tezkor choralar koʻrib borish maqsadida Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi tashkil etilayotgan Administratsiya rahbari yordamchilari muvofiqlashtirib boradi va ular bevosita hududlarda oʻz faoliyatini amalga oshiradi. Bunda Administratsiya rahbari yordamchilari shtatlari mavjud shtat birliklarini qisqartirish evaziga tashkil etiladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling