O'zbekistonda kibersport bo'yicha bakalavriat ta'lim yo'nalishi ochiladi

Kibersport Oʻzbekistonda rasman alohida sport turi sifatida qayd etildi

Foto: SharesPro<br>

Foto: SharesPro

“Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Qarorga koʻra, Oʻzbekistonda kibersport rasman alohida sport turi sifatida eʼtirof etiladigan boʻldi.

Shuningdek, quyidagilar kibersport turlarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilanadi:

— kibersport turlari boʻyicha professional sportchilar (kibersportchilar) va trenerlar, malakali hakamlar va sharhlovchilar hamda boshqa mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash tizimini joriy qilish;

— kibersport turlari boʻyicha respublika va xalqaro chempionatlar va turnirlar tashkil etish, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda munosib ishtirok etish;

— kibersport turlari boʻyicha ilmiy va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va adabiyotlar ishlab chiqish hamda nashr etish;

— kibersport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va kengaytirish, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilishni ragʻbatlantirish;

— kibersport turlariga nisbatan ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish.

Shuningdek, 2023-yildan boshlab anʼanaviy tarzda kibersport turlari boʻyicha har yili aprel oyida “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, har yili dekabr oyida “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va har yili iyun oyida “Yoshlar kubogi” turnirlari oʻtkaziladi.

Qayd etilishicha, “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlari uch bosqichda tashkil etiladi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat bosqichlari onlayn tarzda oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab “Sport faoliyati: kibersport” bakalavriat taʼlim yoʻnalishini ochiladi hamda ushbu yoʻnalish boʻyicha oʻqish muddatini 3 yil etib belgilanadi.

Maʼlum qilinishicha, “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatida oxirgi bir yilda gʻolib (1-oʻrin) boʻlgan kibersportchilarni 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Sport faoliyati: kibersport” bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi.

Qarorga muvofiq, kibersport faoliyatini oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga kiritiladi.

Shu bilan birga, kibersport klublariga ularning bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarini qoplash uchun 2023-yil 1-yanvardan boshlab hududiy “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan har oyda 3 oy davomida 15 million soʻmgacha pul mablagʻlarini ajratiladi.

Taʼkidlanishicha, Toshkent shahri, Yashnobod tumanida barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasida kibersport turlari boʻyicha chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni oʻtkazish uchun zamonaviy kiberzona tashkil qilinadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling