Jizzaxdagi sexda yashirin tarzda zaharli yog' ishlab chiqarilayotgani aniqlandi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda

Jizzaxdagi sexlardan birida zaharli yogʻ ishlab chiqarilayotgani aniqlandi. Bu haqda Viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jizzax shahar Ichki ishlar boshqarmasi, Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi.

Tadbir davomida Jizzax tumani Sharof Rashidov tumani “Hayrobod” mahallasida joylashgan MCHJga tegishli sexda tekshiruv ishlari olib borilgan. Koʻzdan kechirish davomida MCHJ rahbari va taʼsischilari oʻzaro til biriktirib, noqonuniy ravishda qizil va oq holatli chigitlarni aralashtirgan holda yogʻ ishlab chiqarib kelayotgani aniqlangan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida mazkur sexda 18 tonna qizil rangli “Andijon 37” navli kimyoviy ishlov berilgan urugʻlik chigiti borligi hamda bu paxtachilik klasteridan sotib olingani maʼlum boʻlgan.

Bundan tashqari sexda yana 42 tonna hech qanday hujjatlari boʻlmagan chigit mahsulotlari, 4 dona juvoz uskunasi va chigitlardan qayta ishlangan 2 ming litr isteʼmolga yaroqsiz yogʻ mahsulotlari va 50 tonna kunjara mahsulotlari Sharof Rashidov tumanida joylashgan paxtachilik klasteriga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan.

Shuningdek, sexdan yogʻ mahsulotini qayta ishlashga moʻljallangan Xitoyda ishlab chiqarilgan uskuna va bir litr hajmli yogʻ mahsulotlarini qadoqlashga moʻljallangan 500 dona yelim idishlar tegishli tartibdi rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling