Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Farmonga muvofiq, Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 402 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 128 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 201 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 15 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 58 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 17 nafarini chet el fuqarolari, 63 nafarini ayol, 26 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar hamda 19 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling