Toshkentda yana avtobus haydovchilari yoʻlovchi talashib mushtlashdi

Mirobod tumanida 93-sonli va 617-sonli avtobus haydovchilari ham yoʻlovchi talashib janjallashdi. Avvalroq mushtlashgan ikki haydovchi 7 sutkaga qamalgandi.

Videodan kadr

Videodan kadr

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Mirobod tumani Fargʻona yoʻli koʻchasida avtobus haydovchilarining oʻzaro janjallashgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Holat yuzasidan tuman IIO tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Maʼlum boʻlishicha, 93-sonli avtobus va 617-sonli avtobus haydovchisi harakat vaqtida bir-biri bilan yoʻlovchi talashib oʻzaro janjalashgan. Janjal oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.

Ularga nisbatan Mirobod tumani IIO tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan chora koʻrilgan.

Maʼlumot uchun, yuqorida koʻrsatilgan holat bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling