Bavariyaga o'tayotgan Ronaldu, O'zbekistonga kelgan FIFA bosh kotibi, pul ishlashda davom etayotgan Meyvezer — kunlik sport dayjesti

Ushbu materialda eng muhim kunlik sport xabarlari bilan tanishib borishingiz mumkin

Foto: Fox sports

Foto: Fox sports

Repost.uz nashri O'zbekiston va dunyo bo'yicha eng qiziq sport xabarlarini qisqa va tushunarli ko'rinishda bir joyga jamladi.

Ronaldu Bavariyaga o'tishi mumkin

Foto: The Telegraph

Foto: The Telegraph

Hujumchi Krishtianu Ronaldu shov-shuvlarga sabab boʻlgan intervyudan soʻng “Manchester Yunayted”dan ketish yoʻllarini qidirmoqda.

“Daily Mail”ning yozishicha, 37 yoshli goleador Germaniya chempionatiga yoʻl olishi mumkin.

Krishtianu va uning agenti Jorje Mendesh “Bavariya”ga oʻtish borasida dastlabki muzokaralarni olib borishdi. Nemis grandi yulduz faxriyga qiziqmoqda, chunki Erik Maksim Shupo-Moting mavsum davomida gol urishda davom etishiga ularning ishonchi komil emas.

FIFA bosh kotibi Oʻzbekistonga keldi

Oʻzbekistonda futbolni ommalashtirish yoʻlida olib borilayotgan ishlar hamda mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishga oid masalalarni muhokama qilish maqsadida FIFA bosh kotibi Fatma Samura boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Martabali mehmon bugun Toshkent xalqaro aeroportida OʻFA rahbariyati tomonidan kutib olindi. Tashrif davomida FIFA bosh kotibi mamlakat futbol infratuzilmasi bilan tanishishi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari bilan uchrashuv oʻtkazib, bir qator loyihalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazishi kutilmoqda.

Barselona futbolchisi Fati mototsiklchini urib yubordi

Foto: ESPN

Foto: ESPN

“Barselona” hujumchisi Ansu Fati avtoturargohda mototsiklchini urib yubordi, deya xabar berdi “Carrusel Deportivo”.

Manbaga koʻra, Kataloniya klubi futbolchisi mashinasini avtoturargohga qoʻyayotganda mototsikl bilan toʻqnashgan. Mototsikl haydovchisining toʻpigʻi singan. Futbolchi jabrlanuvchini darhol shifoxonaga olib borgan.

Rossiya terma jamoasi ustozi: “Oʻzbekiston va Tojikistondan kuchli emasmiz”

Rossiya TJ ustozi Valeriy Karpin Tojikiston (17-noyabr) hamda Oʻzbekistonga (20-noyabr) qarshi oʻyinlar oldidan oʻz shogirdlarining potensiali haqida gapirdi.

“Oʻzbekiston va Tojikistondan kuchli emasmiz, jamoa ular bilan teng kuchga ega.

Masalan, shu kabi fikrni Malta (2:0) va Kiprga (6:0) qarshi bahslarda ham aytgandim. Kuchli ham, kuchsiz ham emasmiz”, degan Karpin.

Floyd Meyvezer navbatdagi jangini oʻtkazdi 

Beshta vazn toifasida sobiq jahon chempioni Floyd Meyvezer Dubayda tashkil etilgan prof boks oqshomida navbatdagi koʻrgazmali jangini oʻtkazdi.

Bu safar chempion bloger Dejini jangning oltinchi raundida nokautga uchratdi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes Qozog'iston terma jamoasiga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumanida qatnashdi

Foto: UFA

Foto: UFA

Osiyo kubogi haqida

— Rejalarga katta taʼsir qildi, deya olmayman. Biz har qanday vaziyatga moslashishimiz talab etiladi. Buning ijobiy tomoni ham bor. Biz koʻproq oʻyinlar oʻtkazib, tayyorgarlikni mustahkamlashimiz mumkin. Yana bir yaxshi tomoni, bizda chempionat noyabrda tugaydi. Biz Osiyo kubogiga tayyorgarlik koʻrib, yaxshi formada yetib boramiz.

Soʻnggi daqiqalar haqida

— Bu barcha jamoalar bilan sodir boʻladigan muammo. Dunyoning eng yaxshi jamoalari ham oxirgi daqiqalarda gol oʻtkazib yuborishi mumkin. Futbol oʻzgarib bormoqda. Futbolchilar oxirgi daqiqalarda charchab qolishi mumkin. Shu sababli konsentratsiya yoʻqololadi. Umuman olganda, biz oʻsha oʻyinda himoyadagi xatolarimiz tufayli oʻyin soʻngida gol oʻtkazib yubordik.

Qozogʻiston TJ haqida

— Bu jamoani hurmat qilaman. Biz ularning oʻyinlarini tahlil qildik. Menga ularning oʻyini yoqdi. Ertaga oson boʻlmaydi. Biz uchun bu oddiy oʻrtoqlik uchrashuvi, biz oʻz oʻyinimizni namoyish etamiz. Oʻylaymanki, raqiblarimizning agressiv oʻyiniga qarshi oʻzimizning aqlli oʻyinimizni namoyish eta olamiz.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling