Foto: Prokuratura Departamenti
Toshkent shahar Chilonzor tumanida tadbirkorning 35 ming dollarini qoʻlga kiritgani aytilayotgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tuman boʻlimi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbirlar oʻtkazilgan.
Maʼlum boʻlishicha fuqaro “F.B” MCHJ rahbarining ishonchiga kirib, unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari borligini aytgan. Shuningdek, ular yordamida “Doʻmbirobod” MFY hududida qurilayotgan koʻp qavatli savdo kompleksi oldida joylashgan avtoturargohda ushbu MCHJ tomonidan zamonaviy koʻrinishdagi savdo shoxobchalarini qurish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
Fuqaro aldov yoʻli bilan MCHJ rahbarining 35 ming dollarini qoʻlga kiritganligi aniqlanib, uning oʻz ixtiyori bilan ushbu pulni egasiga qaytarganligi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling