Foto: Tez News
7-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda yer osti suvlarini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, chuchuk suv manbalaridan tartibsiz foydalanish oqibatida koʻp joylarda yer osti suvi kamayib ketmoqda. Masalan, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Fargʻona va Andijon viloyatlarining ayrim hududlarida yer osti suvlari sathi 5 m gacha pasaygan.
Shunga qaramay, joylarda ruxsatsiz quduqlar burgʻilash, yer osti suvlaridan nazoratsiz va hisobsiz foydalanish hamon davom etmoqda. Shu munosabat bilan yer osti suvlarini muhofaza qilishni kuchaytirish va ulardan foydalanishni tartibga solish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Xususan, yer osti suvining sathi 5 metrdan ziyod pasaygan hududlarda quduqlar burgʻilash va yer osti suvlaridan foydalanishga moratoriy joriy etish taklif qilinmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling