Surxondaryoda ikki kishi bir guruh erkaklar tomonidan ayovsiz kaltaklandi — video

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan

Foto: Videodan lavha<br>

Foto: Videodan lavha

Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxondaryo viloyati Denov tumanida ikki kishi bir ayovsiz kaltaklandi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, voqea 2022-yilning 11-noyabr kuni soat taxminan 12:30 lar atrofida sodir boʻlgan. Unga koʻra, Denov shahar “Jomiy” mahallasi hududidan oʻtuvchi avtomobil yoʻli boʻyida shu mahallada yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashinasi bilan ichki yoʻldan avtomobil yoʻliga harakatlanib chiqqan vaqtida “VAZ” furgon rusumli avtomashinasi bilan yoʻl talashgan.

Shundan soʻng, yoʻl chetiga toʻxtab avtomashinadan tushib kelib “VAZ” Furgon avtomashinasi haydovchi voyaga yetmagan fuqaro va oldi yoʻlovchi bilan oʻzaro tortishib, janjalashib urishgach, tarqalishgan.

Oradan 2 soat oʻtib, taxminan 14:30 larda “VAZ” Furgoni haydovchisi va yonidagi yoʻlovchi oʻzlarining toʻrt nafar jinoiy sheriklari bilan birgalikda Denov tumani “Jomiy” mahallasida joylashgan “Baraka” nomli savdo doʻkoni yonida, “Damas” mashinasi haydovchisi va yana bir shaxs bilan janjallashib qolishib, bir-birlariga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan 19-noyabr kuni Denov tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, jinoyat ishining tergovi ustidan prokuror nazorati oʻrnatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling