O'zbekiston—Qozog'iston biznes forumida 3 mlrd dollarlik hamkorlik to'plami imzolandi

Xususan, qoʻshni davlatga 500 mln dollarlik Chevrolet butlovchi qismlari yetkazib beriladi

Foto: Telegram<br>

Foto: Telegram

Toshkentda oʻtkazilgan Oʻzbekiston—Qozogʻiston mintaqalararo biznes-forumi yakunlari boʻyicha Samarqand va Turkiston shaharlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida shartnoma, qishloq xoʻjaligi sohasidagi konkret investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini koʻzda tutuvchi “Yoʻl xaritasi” imzolandi.

Shuningdek, umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq boʻlgan Oʻzbekiston va Qozogʻiston ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish rejalarini jamlagan kelishuvlarning mustahkam toʻplami imzolangan.

Eng yirik kelishuvlar:

  • Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va agrosanoat kompleksi sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik dasturi (1,317 milliard dollar);
  • Chevrolet rusumli avtomashinalar komplektlari va butlovchi qismlarni yetkazib berish boʻyicha kelishuv (500 million dollar);
  • Chimkent shahrida toʻqimachilik majmuasini qurish loyihasi boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi (loyiha qiymati 98 million dollar);
  • Angren—Pop—Qoʻqon—Andijon—Savay temir yoʻl uchastkasida signalizatsiya va aloqa tizimini modernizatsiya qilish (76,4 million dollar);
  • Oʻzbekistonda multimodal transport-logistika markazini qurish boʻyicha hamkorlik memorandumi (70 million dollar);
  • Artel maishiy texnika ishlab chiqarish boʻyicha litsenziya shartnomasi (55 million dollar);
  • “Qozogʻistonda kichik hajmdagi yigʻish usuli boʻyicha Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasini moliyalashtirish boʻyicha kelishuv (50 million dollar);
  • Ostonada keramik plitkalar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihasini boshlash toʻgʻrisidagi kelishuv (40 million dollar) va boshqalar.

Bundan tashqari, Qozogʻiston va Oʻzbekiston hududlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish toʻgʻrisidagi oʻzaro anglashuv memorandumi, energetika sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum va Samarqand va Turkiston shahar hokimklari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Energetika vazirliklarining qoʻshma bayonotida qayd etilishicha, 2021-yil 11-martda Qirgʻiziston Energetika va sanoat vazirligi va Oʻzbekiston Energetika vazirligi, Oʻzbekiston Suv xoʻjaligi vazirligi oʻrtasida imzolangan bayonnomaga muvofiq, elektr energiyasini oʻzaro yetkazib berish tasdiqlangan jadvallarga muvofiq amalga oshiriladi.

Markaziy Osiyo mintaqasida suvning kamligi hisobga olinib, “Toʻxtagul” suv omborining oʻta ogʻir darajaga tushishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida tomonlar xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi kelishuvlarga asosan Turkmaniston gazidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Qirgʻizistonga yetkazib berilgan.

Shu bilan birga, shartnoma asosidagi kelishuvlarga muvofiq, elektr energiyasini Turkmanistondan Qirgʻizistonga Oʻzbekiston energetika tizimi orqali tranzit qilish energetika tizimlarining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlanishicha, tomonlarning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida 2023-yilda Turkmaniston elektr energiyasi tranzitini taʼminlashga qaratilgan tegishli shartnomalar imzolangan.

Ikki mamlakat Energetika vazirliklari va energetika korxonalari oʻrtasidagi hamkorlik oʻzaro hurmat va energetika tizimlari ishlash rejimining izchilligi tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling