Videodan lavha
Toshkent hayvonot bogʻidagi Fufunya laqabli oq yoʻlbars volyeridan tashqariga chiqdi. Bu haqda Telegram'dagi "ekologuz" kanali xabar berdi.
Instagram'da “javlonrixsiboyev” nomi ostida sahifa yuritadigan Toshkent hayvonot bogʻi xodimi Javlon Rixsiboyev oʻzining sahifasiga hayvonot bogʻi mulki hisoblangan Fufunya ismli yo'lbarsni oʻz volyeridan olib chiqib, oʻynatib yurgan videosini joylashtirgan.
Videodan ma'lum bo'lishicha, yoʻlbarsni tashqariga olib chiqishda xavfsizlik choralari koʻrilmagan. Arqonli tasmada volyerdan tashqariga olib chiqilgan yoʻlbars biroz erkalatilgach, boʻyinbogʻi ham yechib tashlangan.
Fufunya Toshkent hayvonot bogʻiga BAAning jonivorlar bogʻidan olib kelingan. Yoʻlbars xozirda 1 yoshga kirgan. Bu kabi oq yoʻlbarslarning tezligi 97 km/soat boʻladi. Ularning vatani Osiyo yarimoroli, ular tunda odamlarnikidan 6 barobar yaxshiroq koʻrishadi.
Mutaxassislarning bildirishicha, odamlarni doim panjara ortidan kuzatgan va tashqi muhitga moslashmagan hayvonni videodagidek holatda olib yurish xavfli hisoblanadi. Shu bilan birga hayvon tashqi muhitdan kasallik yuqturib olishi ham mumkin.
Mazkur holat yuzasidan Davlat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi ham, Toshkent hayvonot bogʻi maʼmuriyati ham rasmiy munosabat bildirmagan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling