Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida aholi taʼmirtalab yoʻllar sababli norozilik bildirib, yoʻlni toʻsi qoʻygani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligi rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, mazkur voqea viloyatning Jarqoʻrgʻon tumanidagi 4R-100b yoʻlida sodir boʻlgan.
Maʼlum qilinishicha, tegishli meʼyoriy ogʻirlikdan ogʻir boʻlgan yuk avtomobillarining muntazam ravishda harakatlanishi oqibatida yoʻl taʼmirtalab holatga kelib qolgan.
"Hozirda Jarqoʻrgʻon tuman Yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan bor kuch va vositalarni ishga solgan holda birinchi navbatda ushbu avtomobil yoʻlida transport vositalarining harakat xavfsizligi va uzluksizligini taʼminlash choralari koʻrilmoqda", — deyiladi izohda.
Xabarga koʻra, Surxondaryo viloyati avtomobil yoʻllari Bosh boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar masʼullari aholi vakillari bilan uchrashib, 4R-100b avtomobil yoʻlining 0-11 km qismini taʼmirlash ishlari 2023-yil 1 choragida amalga oshirilishi belgilanganligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borgan.
Aholining noroziligiga sabab boʻlgan ushbu masala Surxondaryo viloyati avtomobil yoʻllari Bosh boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling