Qamchiq dovonidan oʻtuvchi Toshkent — Oʻsh avtomobil yoʻlida yuk mashinasi agʻdarilib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea 18-noyabr kuni soat 19:25 da Namangan viloyati Pop tumani hududidan oʻtuvchi avtomobil yoʻlining Toshkent—Vodiy yoʻnalishida sodir boʻlgan. Unga koʻra, DAF rusumli yuk mashinasida harakatlanib ketayotgan haydovchi boshqaruvni yoʻqotishi oqibatida transport vositasi yoʻlning oʻng tomoniga agʻdarilgan va yoʻlni berkitib, shu yoʻnalishdagi harakatni toʻxtatib qoʻygan.
Voqea joyiga zudlik bilan FVVning “Qamchiq” qutqaruv guruhi hamda YPX xodimlari yetib kelgan. Hodisa oqibatlari maxsus texnikalar yordamida bartaraf qilingan. Mazkur hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq.
Maʼlum qilinishicha, hozirda dovon yoʻli transportlar harakati uchun ochiq, ikki tomonlama harakat davom etmoqda. Mazkur holat yuzasidan tuman FVB va YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling