Toshkentda xizmat vazifasini o'tash uchun borgan feldsher ayol bemorning o'g'li tomonidan kaltaklandi

Ayni paytda sodir etilgan holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovoldi surushtiruv ishlari olib borilmoqda

Foto: SSV matbuot xizmati

Foto: SSV matbuot xizmati

Sogʻliqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida feldsher ayol kaltaklangani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumanidagi xonadonlardan birida oʻz xizmat vazifasini oʻtayotgan tez yordam xodimlari kaltaklangani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan tezkor oʻrganish ishlarini olib borgan.

Maʼlum qilinishicha, 12-oktyabr kuni soat 16:27 da Yakkasaroy tumanining Bobur koʻchasida joylashgan xonadonlarning biridan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiriq kelib tushgan. Shundan soʻng shifokor va feldsher ayol chaqiriq manziliga yetib borib, bemorga tibbiy yordam koʻrsatgan.

Biroq ahvoli oʻta ogʻir boʻlgani sababli bemorni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishga qaror qilingan. Bemorni transportirovka qilish chogʻida uning oʻgʻli asosli sabab boʻlmasada, tibbiy brigada xodimlari bilan tortishib, qoʻl koʻtarish darajasigacha borgan.

“Oqibatda feldsher koʻkrak qafasiga zarba olgan va ahvoli yomonlashgan. Shunga qaramay, tibbiy brigada oʻz xizmat burchiga masʼuliyat bilan yondashib, chaqiriqni yakunlagan, yaʼni bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining qabul boʻlimiga olib borgan”, — deyiladi munosabatda.

Shundan soʻng feldsheri mazkur shifoxonaning xirurgiya boʻlimi shok zaliga koʻkrak qafasining yopiq jarohati tashxisi bilan yotqizilgan. Hozirda u mazkur boʻlimning intensiv palatasida tegishli davo muolajalarini olmoqda. Ahvoli oʻrta ogʻirlikda.

“Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holatni oʻz nazoratiga olgan. Umuman, vazirlik fuqarolarimiz tomonidan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzkor harakatlar sodir etilishiga nisbatan doimo murosasiz munosabatda boʻladi. Shuningdek, vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni koʻradi”, taʼkidlanadi xabarda.

Ayni paytda sodir etilgan holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovoldi surushtiruv ishlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling