Surxondaryoda harbiy xizmat o'tayotgan qashqadaryolik yigit vafot etdi

Yuragining o‘ng bo‘lmachasida defekt aniqlangan

Surxondaryoning Termiz shahrida harbiy xizmat oʻtayotgan harbiy yigit vafot etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Termizdagi harbiy qismlarning birida xizmat qilayotgan oddiy askar sogʻligi boʻyicha shikoyat qilganligi sababli 11-noyabr kuni Markaziy harbiy klinik gospitalga yotqizilgan.

Tibbiy tekshiruvlar natijasida, unda “yurakning oʻng boʻlmachasida kontrast toʻldirish defekti (tromb), koʻks oraligʻida hajmli xosila, ikki tomonlama gidrotoraks” aniqlangan.

14-noyabr kuni bemor shoshilinch ravishda American Hospital klinikasida kardioxirurg konsultatsiyasiga olib borilgan. Maʼlum boʻlishicha, bemor hayoti uchun tashxis va jarrohlik operatsiyasi oʻta xavfli hisoblangan.

Ammo hayotiy koʻrsatmalarga asosan jarrohlik operatsiyasini bajarish lozimligi sababli klinikada gospital mutaxassislari ishtirokida jarrohlik operatsiyasi oʻtkazilgan.

Bemorning umumiy ahvoli oʻtkazilgan jarrohlik operatsiyasiga mos ravishda ogʻirligicha qolgan. Oʻtkazilgan reanimatsion chora tadbirlarga qaramasdan bemorda biologik oʻlim qayd etilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling