Andijonda er ayolini obdasta bilan urib o'ldirdi

Ularning ikki nafar farzandi boʻlgan

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Andijon viloyatining Asaka tumanida oilaviy kelishmovchilik sababli er oʻzining 24 yoshli ayolini obdasta bilan urib oʻldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 5-dekabr kuni Asaka tumanining “Argʻin” mahallasida yashovchi 24 yoshli ayolning jasadi oʻz xonadonidan qotillik alomatlari bilan topilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida mazkur qotillik marhumaning turmush oʻrtogʻi tomonidan sodir etilgani aniqlangan.

Maʼlum boʻlishicha, 5-dekabr kuni soat taxminan 11:40 larda er-xotin oʻzaro janjallashib qolgan. Yuzaga kelgan janjal oqibatida er ayolining yuz va bosh qismlariga metalldan ishlangan obdasta bilan bir necha marta urib, uni qasddan oʻldirgan. Shundan soʻng u obdastadagi qon dogʻlarini yuvib, tozalab, keyin esa yashash xonadonidan chiqib ketgan.

Tezkor qidiruv tadbirlari davomida erkak Shahrixon tumani hududida qurilishi bitmagan binoda yashirinib, 7-dekabr kuniga kuniga oʻtar kechasi soat 03:30 larda yashash uyiga qaytgan vaqtida ushlangan.

Prokuraturaning maʼlum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling