Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtni turistlar oqimi bo‘yicha Dubay darajasiga yetkazish niyatida ekanligini aytdi

Shahar hokimi bugungi Toshkentni 1994-yildagi Dubaydan zo‘r deb aytdi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 8-avgust kuni turizmni rivojlantirish mavzusidagi brifingda so‘zga chiqdi. Bu haqda UzReport telekanali xabar berdi.

“Bugungi Toshkent 1994-yildagi Dubaydan zo‘r, aniq ayta olaman. Necha yil bo‘libdi… Sekin-sekin bugun Dubay 80 million odamni qabul qilyapti. Turizmga juda katta kuch berdi, katta imkoniyatlar yaratdi, neftga qarab qolmadi. Turizm yo‘nalishida eng yaxshilarini qilishni boshladi va hokazo.

Men o‘ylaymanki, albatta, juda Dubayga yetish qiyindir, lekin yaxshi orzu qilsak, qisman bo‘lsa ham Dubay darajasida bo‘lmaymizmi? To‘g‘rimi?” – dedi Ortiqxo'jayev.

Ortiqxo‘jayev poytaxtda turizmni rivojlantirish maqsadida ishlangan “Salom, Tashkent” videoroligi katta natija berishiga ishontirdi.

"Salom Toshkent" videoroligi:

Shuningdek, hokim videorolikni hamma targ'ib qilishiga chaqirdi, agar ushbu targ'ibotdan dekabrgacha hech qanday o'zgarish bo'lmasa shahar hokimi barcha tanqidlarga va "so'kishga" rozi ekanligini aytdi

“Hammamiz targ‘ibot qilaylik. Agar: “Senga ishonib targ‘ibot qilgan edik, dekabrda hech kim kelmadi”, desalaringiz, qancha urishsangiz yoki so‘ksangiz, men roziman.

Buni targ‘ibot qilsak, men o‘ylaymanki, bir oy, 20 kundan keyin turistlar yomg‘irday yog‘iladi. Agar hammamiz birga ishlaydigan bo‘lsak, yomg‘irday yog‘iladi. U to 15-20 dekabrgacha boradi. “Rezultati” bo‘yicha sizlar bilan qishda – dekabr oyida gaplashamiz. Men “rezultat”ga ishlayman”, – deya qo'shimcha qildi shahar rahbari.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling