Foto: Reuters
Yevropa Ittifoqi hududining deyarli yarmi, ya'ni 47 foiziga qurg'oqchilik xavf solmoqda. Bu haqda "Deutsche Welle" xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, joriy yilning iyul oyida Yevropa Ittifoqining 46 foizini qurg'oqchilik xavfi qamrab olgan.
Ma'lumotlarga ko'ra, yil boshidan buyon Yevropaning ko'plab hududlariga ta'sir ko'rsatayotgan kuchli qurg'oqchilik yangi hududlarga tarqalgan. Shu bilan birga bu jarayon avgust oyi boshidan yanada kuchaygan.
Ma'lum bo'lishicha, qurg'oqchilikdan eng ko'p zarar ko'rgan mintaqalar orasida Portugaliya, Ispaniya, janubiy Fransiya, Italiyaning markaziy qismi, Germaniyaning janubi, shuningdek, Slovakiya, Vengriya hamda Ruminiya kabi katta hududlar bor.
"Avgust oyi o'rtalarida ayrim hududlarda yog'gan yomg'irlar qurg'oqchilikni biroz yumshatgan. Lekin momaqaldiroqlar ba'zi hududlarga zarar yetkazgan va yog'ingarchilikning ijobiy ta'sirini cheklagan bo'lishi mumkin", - deydi mutaxassislar.
Ularning ta'kidlashicha, G'arbiy O'rtayer dengizi mintaqalarida issiq va quruq ob-havo noyabr oyigacha davom etishi mumkin.
Shu bilan birga, Ispaniya va Portugaliyaning ba'zi hududlarida ham qurg'oqchilik davom etishi mumkin.
Anomal issiq va quruq ob-havo hosilning nobud bo'lishiga olib kelishi mumkin. O'z o'rnida, makkajo'xori, soya va kungaboqar kabi yozgi ekinlarga ta'sir qilish xavfi katta.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling