Foto: Davlat ekologik qo'mitasi matbuot xizmati
Toshkent viloyati Angren shahrida 8 nafar fuqaro 60 dona saʼvalarni ovlagani aniqlandi. Bu haqda Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor reyd tadbiri oʻtkazilgan.
Tadbir davomida Angren shahrining “Jigariston” mahallasi hududida 8 nafar fuqaro toʻr yordamida noqonuniy ravishda yovvoyi chumchuqsimonlar oilasiga mansub boʻlgan saʼvalarni ovlayotganligi maʼlum boʻlgan.
Oʻrganishlar davomida 60 dona saʼva qushlari va noqonuniy ov qurollari (toʻrlar) dalolatnoma asosida olib qoʻyilib, fuqarolarga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarning har biri “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksining 90-modda, (Ov qilish va baliq ovlashning taqiqlangan qurollarini yoki vositalarini tayyorlash, olib kirish, saqlash, tashish yoki yuborish, olish yoxud sotish) 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarida (3 mln so'm) jarimaga tortilgan.
60 dona saʼva qush shu kuning oʻzida davlat inspektorlar tomonidan tabiatga qoʻyib yuborilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling