Foto: CentralAsia
Eron sudi Tehron viloyatidagi namoyishchilardan biriga nisbatan dastlabki oʻlim hukmi eʼlon qilindi. Bu haqda Mizan Online agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, u hukumat binosiga oʻt qoʻyish, tinchlikni buzish, milliy xavfsizlikka qarshi jinoyat sodir etishga til biriktirishda aybdor deb topilgan.
Bundan tashqari, yana besh kishi milliy xavfsizlikka qarshi jinoiy til biriktirish va tinchlikni buzishda ayblanib, besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Xabarga koʻra, ayblanuvchilar apellyatsiya sudiga shikoyat qilishlari mumkin.
Maʼlumot uchun, Eronda sodir boʻlayotgan namoyishlar 16-sentyabrdan buyon davom etib kelmoqda. Norozilik namoyishlari Eron axloq politsiyasi tomonidan notoʻgʻri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etganidan soʻng yuzaga kelgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling