10-oktabr kuni Rossiya Ukraina hududiga 84 ta qanotli raketa va 24 ta dron uchirgan. Forbes ma'lumotlariga ko'ra, ularning oʻrtacha qiymati 400-700 mln dollarni tashkil qiladi.
Qayd etilishicha, uchirilgan raketalarning narxi keng diapazonda baholanadi, chunki har bir turdagi raketalarning aniq soni ma’lum emas. Xabarlarga ko‘ra, Ukraina hududiga X-101, X-555, “Kalibr”, “Iskander”, “Tornado-S” va S-300 raketalari uchirilgan.
Forbes xarajatlarni hisoblash uchun quyidagi narxlardan foydalangan: X-101 raketasi narxi 13 mln dollar, “Kalibr” 6,5 mln dollar, “Iskander” 3 mln dollar, “Oniks” 1,25 mln dollar, X-22 1 mln dollar va “Tochka-U” 300 ming dollar. 10-oktabrda uchirilgan barcha dronlarning umumiy qiymati esa bir necha mln dollarni tashkil etadi.
Avvalroq Forbes urushning dastlabki ikki oyida rus qoʻshinlari Ukrainaga 1300 dan ortiq raketa uchirgani, bu uchun Rossiya 7,4 mld dollar sarflagani haqida maʼlum qilgan edi.
Eslatib oʻtamiz, 10-oktabr kuni Rossiya kuchlari bir necha oy ichida birinchi marta Ukrainaga, jumladan Kiyevga keng ko‘lamli hujum uyushtirgan edi. Raketa zarbalari Ukraina bo‘ylab elektr ta’minotining uzilishiga olib kelgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Ukraina qo'shinlari raketalarning yarmidan ko'pi - 43 dona va 13 dronlarni urib tushirgan. Otishma oqibatida 19 kishi halok bo‘lgan, 105 kishi yaralangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling