Surxondaroda shifokorni kaltaklagan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atildi

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda

Surxondaryo viloyati Angor tumani tibbiyot birlashmasida uch nafar fuqaro shifokorni kaltaklangani haqida xabar berilgan edi. Viloyat prokuraturasi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Maʼlum qilinishicha, voqea 2022-yil 27-oktyabr kuni taxminan soat 15:00 da tumanning “Navroʻz” mahallasi hududida joylashgan tibbiyot birlashmasi binosining birinchi qavatida sodir boʻlgan.

Unga koʻra, Termiz shahar “Pattakesar” mahallasida yashovchi fuqaro va Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi fuqarolar tibbiyot birlashmasida hech bir sababsiz janjal koʻtarib shu joyda ishlovchi travmatolog shifokorni tanasining turli joylariga urib, yengil tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan 2022-yilning 1-noyabr kuni Angor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan ikki nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bezorilik bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling