Foto: Alter Ego
Angrendagi neft bazasi yaqinida truba yorilishi oqibatida benzin sizib chiqayotgani aytilgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ushbu neft bazaga oid ayrim savollari bor ekanini ma'lum qildi..
Deputat shu kungacha Angrendagi neft baza haqida negadir eshitmagani, Toshkent viloyatida “Oʻzbekneftgaz”ga qarashli Paxta, Kuchluk, Chinobod neftbazalar haqida bilishini yozgan.
“Neft bazasi kichkina korxona emaski, uni kimdir sezmay qolsa. Uni barpo etishda qator talablar, vaqt shu jumladan ekologik talablar ham bor. Biroq Angren neft bazasi osmondan tushgandek boʻldi. Shu bois, agar ochiq va shaffof boʻlishsa vakolatli idoralar quyidagi savollarga javob berishlarini soʻraymiz:
Angren neft bazasi qachon, qaysi manbaalar hisobiga, nima maqsadda tashkil etilgan?
Angren neft bazasi bugun kimga qarashli?
Angren neft bazasidagi AI-80 benzini birjaga sotuvga chiqarilgandimi?
Angren neft bazasidagi AI-80 benzini nima maqsadda saqlab turilgandi?
Angren neft bazasidan oqib ketgan 11,5 ming litr benzin atrof muhitga va tabiatga qancha zarar yetkazdi?
Angren neft bazasi voqeasi katta ishlarning bir uchi ekanligini bilib turibmiz. Shu bois, rasmiy idoralar aniq javob bersa jamoatchilikda shubha boʻlmaydi.
Darvoqe, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham oʻz yoʻnalishida izoh berishi kerak. Gap nima haqidaligini agentlikning xushyor rahbarlari tushunib turishibdi, degan umiddamiz”, — deb yozadi Kusherbayev.
Avvalroq Angrendagi neft bazada 11,5 ming litr benzin toʻkilib ketgani, bunga 5000 metr kub hajmdagi 20-sonli sigʻim (rezervuar) sifonining joʻmragi havo harorati pasayishi munosabati bilan muzlab yorilish sabab boʻlgani toʻgʻrisida xabar berilgandi.