Toshkent shahridagi gaz va svet muammosi haqida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qanday fikr bildirmoqda?

Poytaxtda yashovchi aholi energiya tizimi bilan bog'liq muammo tezroq yakun topishini hohlamoqda

Foto: Open source

Foto: Open source

Toshkentda gaz bosimi pasayib ketishi oqibatida ayrim gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopilgani haqida xabar qilingandi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari poytaxtda elektr va isitish tizimlarida yuzaga kelayotgan uzilishlar va muammolarga o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

Farg'onalik bloger "Dima Qayum" Toshkentda svet va gaz bilan bog'liq muammolar kuzatilayotganligidan xabar topgach, bu hol viloyatlarda har yili kuzatilishini, endilikda poytaxt ham ular qatoriga qo'shilganini aytib o'tgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa Toshkentning hamma hududi bir xilda muammoga duch kelmaganini ba'zi hududlarda hammasi yaxshi ekanligini tanqid qilgan.

Unga javoban boshqa foydalanuvchi ular yashayotgan hududda ham ushbu muammolar borligini va bular butun Toshkent shahri bo'ylab kuzatilayotganligini ta'kidlagan.

Shuningdek, iqtisodchi uzilishlar ortidan taksi narxlari qimmatlagani, umumiy ovqatlanish nuqtalari ishlamayotgani va yetkazib berish xizmati ham keskin oshganini qo'shimcha qilgan.

Yana bir Twitter foydalanuvchisi, poytaxtda gaz bosimi pasayib ketganligi sababli butun oila a'zolari bir xonada uxlashga majbur bo'lgani haqida yozgan.

Bloger Bahodir Ahmedov bunday vaziyatlarda aholiga ish, o'qish joylariga yetib olishi uchun qulay jamoat transporti zarur ekanligiga e'tibor qaratgan.

Yana bir bloger Eldar Asanov o'zining Telegram kanalida hazilomuz tarzda bu muammolardan faqat evolutsiya qutqarishini aytib o'tdi.

"Oʻzbekistonni energetika inqirozidan qutqarish yoʻlini topdim. Buning uchun evolyutsiyadan yordam soʻraymiz. Hammamizda qanot oʻsib chiqsin, qishda issiq oʻlkalarga uchib ketaylik, bahorda qaytaylik (qaytishni istaydiganlar topilsa). Evolyutsiya bizni qutqaradi!", deb yozadi bloger.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling