Farg'onada profilaktika inspektori xizmat qurolida o'zini o'zi otib qo'ydi

Mazkur holat viloyat prokuratura organlari tomonidan oʻrganilmoqda

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida profilaktika inspektori tabel quroli bilan oʻzini bosh qismidan jarohatladi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Toshloq tumani IIB profilaktika inspektori katta leytenant 5-dekabrda tungi xizmatdan chiqib, tuman IIBda oʻtkazilgan ertalabki yoʻriqnomaga kelmagan hamda u bilan bogʻlanishning imkoni boʻlmagan.

Oʻtkazilgan surishtiruv ishlari davomida katta leytenant yashash xonadonidan taxminan 3 km uzoqlikdagi Besarang qishlogʻi hududidan oqib oʻtuvchi “Katta Fargʻona” kanali yoqasidagi yoʻlining chetida, oʻziga tegishli boʻlgan “Spark” rusumli avtomobilida oʻziga biriktirilgan PM tabel quroli bilan bosh qismidan jarohatlangan, koma holatda topilgan va zudlik bilan tibbiy muassasaga joylashtirilgan.

Aniqlanishicha, xodim, ijtimoiy tarmoqlarning “1xbet” ilovasidan foydalanib, joriy yilning avgust oyida 45 mln soʻm yutqazganligi uchun, qarzdorlik muammosi hal etilib, intizomiy tartibda jazolangan hamda viloyat IIB qoshidagi Intizomiy kengashning nazoratida boʻlgan.

Xabarga koʻra, mazkur holat viloyat prokuratura organlari tomonidan oʻrganilmoqda.

Maʼlumot uchun, Respublika kesimida qimor oʻyinlari boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarliklar soni 2019-yilda 1 454 ta tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilning 6 oyida 2 325 taga yetgan. Ushbu oʻyinlarni tashkil etish bilan bogʻliq jinoyatlar 2019-yilda 55 ta boʻlsa, 2022-yilning 6 oyida 90 tadan oshgan.

Avvalroq, Angrenda hokimning sobiq yordamchisi o'zini o'zi otib qo'ygani va voqea joyida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling