Samarqandda bo'lib o'tadigan sammit vaqtida talabalarga ta'til berilishi rad etildi

Dars jarayonlari odatdagidek davom etadi

Foto: Kun.uz<br>

Foto: Kun.uz

Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan sammit vaqtida OTM talabalariga darslardan taʼtil berilishi rad etildi. Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti oʻtkazilishi munosabati bilan hududdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarga taʼtil berilishi haqida turli asossiz xabarlar tarqalgan.

Maʼlum qilinishicha, barcha OTMlarda dars jarayonlari odatdagidek davom etadi.

“Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ushbu xabarlar asossiz ekani va oʻsha kunlari Samarqanddagi barcha oliy oʻquv yurtlarida tasdiqlangan oʻquv jadvaliga koʻra dars jarayonlari odatdagidek davom etishini maʼlum qiladi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Samarqandda ayrim koʻchalar Turkiy davlatlar tashkilotining I sammiti oʻtkazilishi munosabati bilan vaqtincha yopilishi haqida xabar berilgan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling