Foto: Repost.uz
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan 2022-yil noyabr oyi uchun Toshkent shahrida uy-joy narxlari oʻzgarishi tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, 2022-yilning noyabr oyida Toshkent shahri boʻyicha uy savdosi 2021-yilning mos davriga nisbatan oʻrtacha 8 foizga (7814 dan 8408 ga) oshgan.
Mazkur davrda 1 kvadrat/metr uchun narxlar oʻrtacha 27 foizga oshgan, yaʼni ushbu koʻrsatkich 2021-yil noyabrda bir metr/kvadrat uchun 849 dollar boʻlgan boʻlsa, 2022-yil noyabrda 1078 dollarga yetgan.
Toshkent shahrining ayrim hududlarida 1 kvadrat/metr uchun uy narxlari oʻrtacha koʻrsatkichdan (1078 dollar) sezilarli darajada yuqori hisoblanadi, xususan, Mirobodda — 1285 dollar ( 20 foizga yuqori), Yakkasaroyda — 1178 dollar (9 foizga yuqori), Shayxontohurda — 1144 dollar (6 foizga yuqori), Mirzo Ulugʻbekda — 1137 dollar (6 foizga yuqori), Yunusobodda — 1117 dollar (4 foizga yuqori).
Maʼlumot uchun, 2022-yil 9 oyida Toshkent shahri boʻyicha oʻrtacha ish haqi 5,9 million soʻmga yetib, 2021-yilning mos davriga nisbatan 32,5 foizga oʻsgan. Ushbu davrda yillik inflyatsiya darajasi 12,2 foizni tashkil etgani hisobga olinsa, real ish haqi daromadlari 20.3 foizga oshgan. Ushbu davrda soʻmning 1 AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi 10672,30 soʻmdan 10973,39 soʻmga (2,8 foizga) oʻzgargan.
2022-yil noyabr oyida oʻrtacha taʼmirlangan 2 xonali uy narxi oʻrta hisobda 55,7 ming dollarni tashkil etgan (2021-yil noyabrda — 41,6 ming dollar). Toshkent shahrida uy-joyga boʻlgan talabning oshishi, bir tomondan, yashash uchun ijtimoiy infratuzilmaning nisbatan yaxshiroqligi bilan izohlangan.
Avvalroq, yil boshidan buyon Toshkentda uy-joylarning oʻrtacha narxi deyarli 20 foizga oshgani haqida xabar berilgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling