Shavkat Mirziyoyev va Putin Markaziy Osiyodagi hamkorlikni muhokama qildi

Yil boshidan buyon Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshgan 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

30-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgani ma'lum qilindi.

Suhbatda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, yil boshidan buyon mamlakatlar o'rtasida tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshgan. 

Shuningdek, 1-2-dekabr kunlari Samarqand shahrida ikki davlat rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning uchrashuvi boʻlib oʻtishi aytilgan. Unda iqtisodiyot tarmoqlaridagi kooperatsiya loyihalari koʻrib chiqiladi. Mamlakatlar yetakchi sanoat korxonalari va kompaniyalari vakillari ishtirokida qator ishbilarmonlik tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Oʻzbekiston va Qozogʻiston bilan uch tomonlama ittifoq tuzishni taklif qilgan edi.

“Vladimir Vladimirovich Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida uch tomonlama ittifoq tuzishimiz kerakligini aytdi va u mana shu masalada Oʻzbekiston prezidentiga qoʻngʻiroq qilmoqda”, — deya xabar bergan edi Qozog'iston rahbari Toʻqayev.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling